Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Nankin audit un…

  1. Главная
  2. Объявления
  3. Toshkent davlat iqtisodiyot u…

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Nankin audit universiteti o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Nankin audit universiteti o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ikki nufuzli oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish maqsadida Xitoyning Nankin audit universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda TDIU rektori, professor To‘lqin Teshabayev rahbarligidagi universitet jamoasi hamda Nankin audit universiteti Kengashi raisi, professor Dong Birong boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida universitetda tashkil etilgan “Davlat auditi oliy maktabi” faoliyatini jahonning yetakchi tajribalari asosida takomillashtirishdan iborat. Muloqot davomida “Davlat auditi oliy maktabi” o‘quv jarayoniga Nankin audit universitetining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini 144 soatlik malaka oshirish dasturlarida o‘qitishni tashkil etish, bakalavriat bosqichida “3+1” qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish hamda iqtidorli talabalarning akademik mobilligini ta’minlash,  “Bir kamar, bir yo‘l” dasturi doirasida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish va xalqaro grantlarni jalb etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda TDIU rektori, professor To‘lqin Teshabayev universitetning strategik maqsadlariga to‘xtalib, bugungi kunda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qatorida audit sohasi uchun ham zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa ekanligini, davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan yaqin hamkorlikda «Davlat auditi oliy maktabi» tashkil etilganligini alohida qayd etib o‘tdi.

Nankin audit universiteti Kengashi raisi, professor Dong Birong ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik hamkorlik izchil va aniq maqsadlar sari rivojlanib borayotganiga urg‘u berib, audit sohasida yuqori malakali kadrlarni birgalikda tayyorlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan aloqalardan mamnunligini izhor etib, ayni damda hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kutilayotgan natijaga yo‘naltirilgan aniq ishlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi pog‘onaga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda yakunida “Davlat audit oliy maktabi” faoliyatini ilmiy-uslubiy ta’minlashga, bakalavriat bosqichida “3+1” qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishga, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi hujjatlar imzolash va akademik almashinuv dasturlarini yana-da kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shundan so‘ng, “Davlat audit oliy maktabi”“Bir kamar, bir yo‘l” audit va xalqaro boshqaruv instituti qo‘shma laboratoriyasi rasmiy ochilishi o‘tkazildi. Rektor To‘lqin Teshabayev mehmonlarni yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, Nankin audit universiteti o‘rtasidagi mazkur hamkorlik 2025-yilda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi va 2026-yil mart oyida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, universitetlar o‘rtasidagi ilmiy-madaniy almashinuv jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida Nankin audit universiteti tashabbusi bilan kutubxona fondi Xitoy madaniyati va tarixiga oid 156 nomdagi adabiyotlar bilan boyitildi, yil yakuniga qadar esa ularning sonini 1000 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Nankin audit universiteti (Nanjing Audit University / NAU) - Xitoy Xalq Respublikasining Szyansu provinsiyasi, Nankin shahrida joylashgan bo‘lib, audit sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biridir. Universitet iqtisodiyot, boshqaruv, huquq va moliyaviy nazorat yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar yetishtirib chiqaruvchi yirik ilmiy va ta’limiy markaz hisoblanadi.

Xalqaro miqyosda Nankin audit universiteti Ichki auditorlar instituti (IIA) tomonidan tan olingan va Global audit ta’limi bo‘yicha hamkorlik (IAEP) dasturining oliy maqomiga ega. Oliygoh BMT, Oliy audit organlari xalqaro tashkiloti (INTOSAI) hamda Osiyo tashkiloti (ASOSAI) bilan yaqin hamkorlik qilib, xorijiy davlatlarning davlat nazorati idoralari uchun ham kadrlar tayyorlaydi. Zamonaviy infratuzilmaga va boy kutubxona fondiga ega bo‘lgan mazkur universitet ayni paytda global ta’lim makonida audit va moliyaviy nazorat standartlarini rivojlantiruvchi asosiy lokomotivlardan biri sifatida e’tirof etiladi.